Nazirov Anvar Zakievich, 1952-yilda tug‘ilgan. «AZN» MCHJ ta’sischisi, direktor.
Toshkent Politexnika institutining ABT fakultetini tamomlagan. dasturchi. Aloqa vazirligining AHM direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Uylangan, ikki nafar farzandi bor.
1999-yilda O‘zbekistonda birinchi sanoat sovutish va savdo uskunalarini ishlab chiqarish korxonasini tashkil qilgan. Kompaniya yetti yil ichida uskunalari eskirgan kichik kooperativdan respublikada o‘z tarmog‘ining yetakchi korxonasiga aylandi.
Har qanday ishni yuritishning asosiy tamoyili — bu, eng avvalo, sifatli ishlab chiqarish jarayonini tashkil qilish, tsexni, ish o‘rinlarini tartibga keltirish, yetkazib beruvchilarga bog‘liq bo‘lib qolmaslik va zarur elementlar sifatli ekaniga ishonch hosil qilish uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish.
Agar ishlab chiqarish jarayoni optimal va yaxshi o‘ylangan bo‘lsa, unda albatta foyda bo‘ladi. Men hech qachon pul ishlab topishni asosiy maqsad qilib qo‘ymaganman. Pul biror-bir maqsadni amalga oshirishi uchun vosita sifatida va ishlar hamda qabul qilingan qarorlar samaradorligining ko‘rsatkichi sifatida qiziqarli.
Hammasi tashlandiq ombordan boshlangan. Biz uni zavoddan ijaraga olgandik. Bizda faqat cheksiz ishtiyoq va biror yangi narsa qilish istagi bor edi. Qolgan narsalar – mutaxassislar, bilimlar, uskunalar va pul deyarli yo‘q edi. Biz kitoblarga qarab sovutish va savdo uskunalari haqida o‘rgana boshladik, sovet davridan qolgan eskirgan va ehtiyot qismlari yo‘q dastgohlarni harid qildik, ularni ta’mirladik. O‘zbekistonda birinchi sanoat savdo sovutgichlarini ishlab chiqarish korxonasini yaratish juda qiyin, ammo qiziqarli vazifa edi. Bundan oldin respublikada bunday korxona bo‘lmagan, ammo ushbu mahsulotga bo‘lgan katta talab kundan-kunga o‘sib borardi. Biz vitrinalar, stellajlar va rastalardan boshladik va birdaniga urg‘uni yuqori sifatga berdik. Tadbirkorlarning mahsulotimizga bo‘lgan ishonchini qozonishimiz kerak edi. Shu bilan birga, mahsulotimiz xuddi shunday xorijiy mahsulotlardan ikki baravar arzon turardi. Hozir firmamizning savdo belgisi Toshkentda va butun respublikada taniqli – biz bozordan xuddi shunday xorij mahsulotini deyarli siqib chiqardik.
Tadbirkor sifatidagi faoliyatimni 1988 yilda boshlaganman, o‘shanda o‘z ishim bilan shug‘ullanish imkoniyati paydo bo‘lgandi. Qo‘l ostimda 350 kishi ishlaydigan AHMdan bo‘shadim va hatto ortimga qayrilib ham qaramadim. Pionerlar uyida kemani modellashtirish to‘garagini yuritdim. Bir vaqtning o‘zida o‘rtog‘im bilan 243-sonli aviata’mirlash zavodi hududida reykalar, plintuslar va karnizlar ishlab chiqarish bo‘yicha kichkina duradgorlik tsexini tashkil qildik. Men qiladigan reykalar eng tekis va chiroyli bo‘lishi kerak edi, men yo‘naltiruvchilar, pichoqlar va dvigatel aylanmalari bilan tajribalar o‘tkazardim. Ish shungacha borib yetdiki, mening mahsulotlarimga talab ko‘paydi. O‘zbekistonga yog‘och yetkazish kamayganida, biz metall bilan ishlashni o‘zlashtirdik. Menda uchta mualliflik guvohnomasi bor – maishiy mahsulot ixtirosiga, uning o‘rami va nomiga. Yana 15 soniyada yig‘iladigan savdo paviloni ixtirosiga ham patent olganman. Konstruktsiya deltaplan printsipi bo‘yicha qilingan. Asosiy buyurtmachimiz “Knigotorg” tashkiloti hisoblanadi.
Deltaplanlar… Ular haytimda juda yorqin iz qoldirgan. Ularga aqldan ozish darajasida qiziqardim – uch o‘rtoq aka-uka Raytlar yo‘lini bosib o‘tishga, uchish apparatini qurish va uni uchishga o‘rgatishga qaror qiladi. O‘shanda 1976-yil edi. Ushbu sport turiga rasmiy hukumat tomonidan e’tibor unchalik emasdi. Ammo biz havoga ko‘tarilish g‘oyasi bilan “kasallangandik”. Bizda aerodinamika va aviatsiya sohasi bo‘yicha bilimlar yo‘q edi. Boshqarish va parvozlar bo‘yicha na chizmalar, na texnologiyalar, na qo‘llanmalar, na qayishqoq qanot aerodinamikasi nazariyasi bo‘yicha bilimlar bor edi. Qaerdandir taxminiy eskizlarni topdik, “raskladushka”ga o‘xshash narsani yaratdik – trubalardan yasalgan uchburchakka eski parashyut qoplandi – unda uchishga urinib ko‘rdik… Bu telbalarcha ish edi, albatta – uchuvchi “raskladushkalar” sinab ko‘rish, agar bitta hatoga yo‘l qo‘ysang, hammasi tamom… Biz esa konstruksiyaning qaerini olib tashlash, qaeriga qo‘shish, burchakni qanchalik kattalashtirish va muvaffaqiyatsizliklar muammosi nimada ekani, apparatning o‘zidami yoki uni boshqarishdami? – shular haqida bahslashardik. Deltaplan bir sho‘ng‘ib uchardi, bir qulardi, yo seni chirpirak qilib aylantirardi. Bu boradagi bilimlarni misqollab o‘sha paytda yozishib turadigan o‘zimizga o‘xshagan ishqibozlardan yig‘dik. U davrdan yodgorlik sifatida menda bir necha joyi teshilgan mototsikl kaskasi qolgan…
Ammo bizni Xudo asrardi. Natijada, O‘zbekistonda deltaplaner sportining pionerlariga aylandik, deltaplan yasadik va uni uchirdik, o‘zimiz ham uchishni o‘rgandik.
Hozir bu sport ommalashib ketgan, hozirgi deltaplanerchilarda yaxshi uchish apparatlari, metodikalar himoya va anjomlar bor…
Biznesda tavakkalmi?— u doim bo‘ladi. Usiz iloji yo‘q. Notanish narsalarni bilish, o‘rganish va u yoqda nimalar borligini ko‘rish istagi men uchun noma’lumlik qo‘rquvidan kuchliroq bo‘lgan. Yiqilish qo‘rquvidan kuchliroq bo‘lgan. Ammo tavakkal ham mayda detallarigacha o‘ylab qo‘yilishi kerak, kichik tepaliklardan boshlab qadam-baqadam bo‘lishi lozim. Shu tarzda, asta-sekin navbatdagi tepalikni o‘zlashtirib, barcha tavakkallarni minimumga yetkazib, cho‘qqiga yetasan.
Men hech qachon hokimiyatga va ulkan sarmoyalarga intilmaganman. Eng katta istagim o‘z qo‘llarim bilan nimadir yaratish bo‘lgan. Bolaligimda kemasoz bo‘lishni orzu qilardim, shu bois «Yuniy texnik» va «Modelist-konstruktor» jurnallarini teshilib ketgunicha o‘qirdim. To‘g‘ri, onam musiqa maktabiga borishim masalasida qat’iy turdi. Men deyarli besh yil akkordeon sinfi bo‘yicha shug‘ullandim. Ammo baribir musiqachi bo‘lolmadim. Onam konstruktordan musiqachi chiqmasligini his qilgan bo‘lsa ajabmas, musiqa maktabini tashlashimga ruxsat berdi. So‘ngra “Skver”dagi yosh texniklar stantsiyasiga qatnay boshladim. Ba’zida zavodim o‘sha to‘garakning, yosh texniklar stantsiyasining davomiday bo‘lib tuyuladi. Go‘yoki uni o‘zim uchun tashkil qilgandayman. Keyin akkordeonga juda uzoq vaqt yaqinlashmadim. Ammo o‘zim gitara chalishni o‘rgandim, biz maktabda vokal-cholg‘u ansamblini tashkil qildik, ansambl uchun kuchaytirgichlar va elektrogitaralarni o‘zim yasadim. Ular juda zo‘r, silliqlangan, “shohli” edi…
Hozir xodimlarimga nazar tashlab, ularning ko‘pchiligida o‘zimni ko‘raman. Agar inson zehnli bo‘lsa, agar unda o‘qish-o‘rganish va yangi narsadarni bilish istagi bo‘lsa, u ko‘p narsalarga erishadi. Korxonamizda ishlaydiganlarning 90% ni 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Malakali kadrlar yetishmovchiligi bizni o‘z mutaxassislarimizni tayyorlashga majbur qilmoqda. Ular chet el mutaxassislaridan qolishmasligini bilaman. Biz ham ishtiyoqdan, jonbozlikdan boshlaganmiz, o‘z aql-zehnimiz bilan xorijda o‘nlab yillar davomida qo‘llanib kelayotgan haqiqatlargacha yetib bordik. Biz velosipedni ixtiro qilgan ekanmiz. Men bunga Xitoy, Rossiya, Germaniya, Italiyaga borish imkoniyati paydo bo‘lganida ishonch hosil qildim… Ammo sust va yalqov aqldan ko‘ra, velosiped ixtiro qilgan ming marta ma’qul… Kim biladi, balki uning yangi konstruksiyadagi velosipedi o‘ziga xos bo‘lib chiqar…